Skram(Scrum) haqida.

Mashhur "Kremniy vodiysi" ("Силиконовая долина" -> "Silicon Valley") serialini ko'rganimda bitta epizodda Kanban haqida eshitib qoldim va u haqida ma'lumotlar izlab, skram haqida o'qib qoldim. Uni asosiy tushunchalari, tamoyillari va bajaradigan vazifalarini o'qib shuni tushindim-ki, bu usuldan oxirgi bir necha yil loyihalarimizda foydalanar ekanmiz. Lekin men uni otini bilmas, u haqida to'liq ma'lumotga ega emas edim.

Shuday qilib ushbu loyihalarni yaratish jarayonida loyihani boshqarish usuli bo'lgan skram(scrum) haqida kichik maqola yozishga qaror qildim.

Skram - bu abbreviatura emas, u regbi o'yinidan olingan atama hisoblanadi. Ma'nosi esa, koptok atrofidagi tortishuv, jangdir.

Skram - loyihalarni boshqarish usuli, metodologiyasi bo'lib, u vaqtni boshqarish tamoyillari asosida qurilgan. Uni boshqa loyihalarni ishlab chiqish jarayonini boshqarish usullardan farqi, takrorlanuvchi jarayon hisoblanadi. Mahsulot yaratish jarayoni bir nechta vaqt oraliqlariga bo'linadi. Har bir vaqt oralig'i tugagandan so'ng, loyiha egasiga ya'ni mijozga qandaydir tugallangan mahsulot beriladi. Mijoz bildirgan fikrlar, taklif va e'tirozlar asosida loyiha boshida tuzilgan rejalardagi kamchilik va xatolarni, asosiy maqsad sari to'g'ri ketilayotganligi haqida qayta o'ylanadi.

Skram metologiyasida asosiy rollar mavjud bo'lib, ular quyida keltirilgan:

Mahsulot egasi(Product owner) - bu shaxs mijozlar va mahsulot foydalanuvchilari qiziqishlarini himoya qiladi. U tugallangan mahsulotning sifati, haqida o'ylaydi va uni sifatli bo'lishiga harakat qiladi. U tugallangan mahsulot qanday bo'lishi kerakligi haqida to'liq va tugallangan tushunchaga ega bo'lishi zarur;

Skram ustasi(Scrum master) - jarayonda skram usuli asosiy tamoyillarini buzilishini oldini oladi,jarayonni boshqaradi va jamoada har kunlik skram uchrashuvlar(Scrum Meetings) tashkillashtiradi;

Skram jamoasi(Scrum team yoki Development team) - u mahsulot yaratishda qatnashadi. Uni tarkibida dasturchilar, analitiklar, testlovchilar va boshqa jamoa uchun zaruriy bo'lgan shaxslar bo'lishadi. Muqobil skram jamoa 7-9 kishidan iborat bo'lishi kerak. Agar ko'p bo'lsa, jamoa ichidagi o'zaro aloqa uchun juda ko'p resurslar talab qiladi. Agar kam bo'lsa, rejada keltirilgan vazifalar to'liq bajarilmasligi mumkin.

Skram metologiyasida quyidagi asosiy tushunchalar mavjud:

Mahsulot beklogi(Product backlog) - mahsulotga qo'yilgan talablar, loyida bajarilishi kerak bo'lgan ishlar ro'yxati; 

Sprint - skramning asosi bo'lib, bu jamoada tanlab olingan vaqt oralig'i hisoblanadi. Sprint mahsulot yaratish jarayonida takrorlanib boraveradi. U odatda 2 haftadan 4 haftagacha bo'ladi. Ba'zi hollarda 2 oyga ham teng bo'lishi mumkin. Bu oraliqda mahsulot ustida ishlanadi, va sprint oxirida qandaydir tugallangan natija bo'lishi shart; 

Sprint rejalashtirish(Sprint Planning) - har bir sprint boshida jamoada ushbu jarayon bajariladi. Bunda mahsulot beklogidan shu sprintda bajarilishi kerak bo'lgan vazifalar tanlanadi va skrum jamoa shu sprint davomida tanlangan vazifalarni bajarish mas'uliyatini oladi.

Skram metodoligasidagi ish jarayoni quyida ko'rsatilgan:

Jamoa eng avvalo sprint davomiyligini aniqlab oladi. So'ng, skram jamoada har bir a'zosi uchun vazifalar bo'linib olinadi. Keyingi qadamda sprintni rejalashtirish amalga oshiriladi va buni asosida Sprint beklog(Sprint backlog) tuziladi. Har bir sprint maqsadga ega bo'lishi kerak. Va ushbu sprint tugashi bilan avvaldan belgilab olingan maqsadlarga erishish uchun harakat qilish kerak. Aynan shu asosiy sprintni ijobiy natija bilan yakunlash uchun motivatsiya bo'ladi. Har kuni kunlik skram(Daily Scrum) tashkillashtiriladi. Unda jamoaning har bir a'zosi, "men kecha nima qildim?", "bugun nima qilaman?", "vazifani bajarish vaqtida qanday muommolarga duch keldim?" kabi savollarga javob berishi kerak bo'ladi. Kunlik skramning vazifasi, sprint ustida ishlash jarayonini baholash, qanday yutuqlarga erishildi, ish vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan to'siqlarni oldindan aniqlash va ushbu aniqlangan muommoni hal qilish uchun oldinda to'g'ri strategiyani o'zgartirish yuzasidan yechim izlashdan iborat bo'ladi.

Sprint tugashi bilan, tugagan sprintni ko'rish(Sprint Review) va tugagan sprint analizi(Sprint Retrospective) bo'lib o'tadi. Unda, tugatilgan sprintda jamoa faolligi, ishlash tezligi va natijalar muhokama qilinadi, baho beriladi hamda keyingi sprintda kutilayotgan natijalar, tugagan sprint yuzasidan yuzaga kelgan muommolar muhokama qilinadi.

Keyingi maqolalarda skram bo'yicha misollar keltirishga harakat qilamiz.

Siz ham loyihalarda skramdan foydalanisizmi? U qanchalik ish jarayonini tezlashtiradi va uning yaxshi va yomon jihatlari haqidagi fikrlaringizni bildiring!

23.01.2018 16:26     309    scrum